
Ispaniyaning Barselona shahri ma`muriyati argentinalik futbolchi Lionel Messiga tegishli mehmonxonani buzishga qaror qildi. Futbolchi ushbu mehmonxonani sotib olish uchun 30 million yevro sarflagan.
El Confidencial nashrining yozishicha, 77 xonali bino shahar qurilish me’yorlariga to‘g‘ri kelmagani uchun buzib tashlashga qaror qilingan. Bino sobiq futbolchining “Barselona” klubining uy stadioni “Kamp Nou” yaqinida joylashgan.
Futbolchi shuningdek, Majestic Hotel Group tarkibiga kiruvchi Ibiza va Mayorkadagi mehmonxonalarga ham egalik qiladi. 2017 yilda Messi Barselonada qarorgoh sotib olish uchun 30 million yevro sarflagan.
Qayd etilishicha, futbolchi binoni qurilish me’yorlariga javob bermagani uchun shahar ma’muriyati uni buzmoqchi ekanligini bilmagan holda sotib olgan.
Avvalroq, 29-noyabr kuni Messi faoliyatidagi yettinchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan edi.